Valyuta kurslari 12/12/2024
$1 – 12865.66
UZS – -0,06%
€1 – 13510.23
UZS – -0,36%
₽1 – 125.14
UZS – -2,39%
Qidirish
O‘zbekiston 10/11/2024 O‘zbekiston CAREC dasturining 23-vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi

O‘zbekiston CAREC dasturining 23-vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 8-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining (CAREC) 23-vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi.

Konferensiyada “Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha CAREC harakatlar rejasi”, “CAREC o‘rta muddatli istiqbollar sharhi – 2030”, “Dekarbonizatsiya va mintaqaviy energiya xavfsizligini rag‘batlantirish”, “Iqlim o‘zgarishi muammolariga innovatsion yechimlar va sun’iy intellektning roli”, “CAREC 2 koridori rivojlantirish” va “CAREC institutini faollashtirish rejasi” masalalari muhokama qilindi.

OTB vitse-prezidenti, CAREC dasturida ishtirok etuvchi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari, OTB, Jahon banki, OIIB, YeTTB departamentlari rahbarlari va CARECning taraqqiyot bo‘yicha boshqa xalqaro hamkorlari hisobotlari tinglandi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda so‘nggi 20 yil ichida CAREC doirasida umumiy qiymati 19 milliard dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Kelgusi besh yilda O‘zbekistonda umumiy qiymati 12,6 milliard dollar bo‘lgan 41 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Panel munozaralarida, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon delegatsiyalari rahbarlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyatlari birinchi navbatda, energetika, innovatsiyalar, raqamlashtirish, shuningdek, iqlim o'zgarishi sohalarida mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladilar.

2025-2026 yillarga moʻljallangan CAREC flagman loyihalari orasida energiya, raqamlashtirish, toʻsiqsiz elektron tijorat, “yashil iqtisodiyot”, iqlim va barqaror rivojlanish boʻyicha CAREC jamgʻarmasi konsepsiyasini ishlab chiqish, Xitoy-Qirg'iziston-Qirg'iziston temir yo'li orqali bogʻliqlikni mustahkamlash loyihalari ilgari surildi.

Konferensiya doirasida “OTB va Xitoy Xalq Respublikasi Moliya vazirligi oʻrtasida Iqlim va barqaror rivojlanish boʻyicha loyihalarni tayyorlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi bitim”, “OTB va Koreya Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida Iqlim va barqaror rivojlanish loyihasini tayyorlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi bitim”, “OTB va Ozarbayjon hukumati, Qozog‘iston Respublikasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida Kaspiy dengizi yashil energiya koridori loyihasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum” va “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va OTB oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv memorandumi” imzolandi.

Soʻnggi hujjatga koʻra, OTB Oʻzbekiston Respublikasining JSTga kirishini qoʻllab-quvvatlash uchun grant sifatida 225 ming dollar miqdorida texnik yordam koʻrsatmoqda.

Bundan tashqari, OTB kredit bitimini erta imzolash maqsadida transport yo‘laklarining barqarorligini oshirish va modernizatsiya qilish loyihasini ko‘rib chiqishni tezlashtirishga, shuningdek, temir yo‘llarni modernizatsiya va elektrlashtirish loyihalarida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Konferensiya yakunlari boʻyicha Vazirlarning Qoʻshma bayonoti qabul qilindi va 2025-yilga moʻljallangan CAREC dasturi boʻyicha Qirgʻiziston Respublikasini raislik qiluvchi tomon etib saylash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling