Koreyalik avtomobil ishlab chiqaruvchilari O'zbekistonda mahalliylashtirishni o'rganmoqdalar

Koreyalik avtomobil ishlab chiqaruvchilari O'zbekistonda mahalliylashtirishni o'rganmoqdalar

Koreyalik avtomobil ishlab chiqaruvchilari O'zbekistonda mahalliylashtirishni o'rganmoqdalar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “2026 Autoparts Exhibition and Biz-Meeting in Tashkent” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Koreya Respublikasining yetakchi avtokomponent ishlab chiqaruvchi kompaniyalari vakillari “O‘zavtosanoat” AJ huzuridagi Mahalliylashtirishga ko‘maklashish markaziga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlarga Markaz faoliyati, avtomobil sanoatida mahalliylashtirish jarayonlarini rivojlantirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish hamda yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahalliylashtirilgan avtomobil butlovchi qismlari va xomashyo namunalari bilan tanishib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning sanoat salohiyati hamda hamkorlik imkoniyatlarini o‘rgandilar.

Tadbirda Autotop Co., Ltd., Boram Auto Co., Ltd., Carstation (Jk Lube), D Only Automotive Co., Ltd., Drew C&C Co., Ltd., Eslink, Hansae Mobility Turan Co., Ltd., June Heung Filter, Korea Oil Seal Co., Ltd., Miral J&P Co., Ltd. va Sj Tech kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Mazkur korxonalar dvigatel qismlari, tormoz tizimlari, filtrlar, rul mexanizmlari, osma tizim elementlari hamda boshqa avtokomponentlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Tashrif doirasida “O‘zavtosanoat” AJ va tizim korxonalari faoliyati bo‘yicha taqdimot ham tashkil etilib, unda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda ilg‘or texnologiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi avtomobil sanoati korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling