Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi BMTning Qochqinlar boʻyicha oliy komissarligi bilan hamkorlikni muhokama qildi
Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi BMTning Qochqinlar boʻyicha oliy komissarligi bilan hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (BMT QOKB) Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Mahir Safarli bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratayotgani alohida taʼkidlandi.
Ichki ishlar vazirligi vakillarining BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining sohaga oid tadbirlarda, jumladan, Toshkent va Ashxobod shaharlarida o‘tkazilgan mintaqaviy anjumanlarda faol ishtirok etishi xodimlarning kasbiy mahoratini yuksaltirishga hamda ilg‘or xalqaro tajribani milliy amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
Mahir Safarli O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini hamda xalqaro institutlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirishga, shuningdek, migratsiya siyosatini yana-da takomillashtirish va fuqarolar huquqlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldi.