Oʻzbekiston va Xitoy jamoat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Xitoy jamoat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Xitoy jamoat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi yigʻilish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov hamda Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqot chogʻida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, kadrlar malakasini oshirish va sohada oʻzaro tajriba almashish kabi yoʻnalishlardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar idoralararo aloqalarni yanada mustahkamlash, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.

Uchrashuvda asosiy eʼtibor terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi, uyushgan jinoyatchilik hamda boshqa turdagi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish, kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika yoʻnalishida tajriba almashishni tashkil etish kabi dolzarb masalalarga qaratildi.

Shuningdek, amaliy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma tashabbuslarni izchil davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunlari va erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi sifatida Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi hamda Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi oʻrtasida 2026–2027-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda yuqorida qayd etilgan koʻplab yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling