Oʻzbekiston Suriyadagi elektr jihozlari bozorini oʻrganmoqda
Oʻzbekiston Suriyadagi elektr jihozlari bozorini oʻrganmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov boshchiligidagi elektrotexnika sanoati korxonalari vakillaridan iborat delegatsiya Suriya Arab Respublikasiga tashrifi doirasida mahalliy bozor holatini o‘rganish ishlarini olib bordi.
O‘rganishlar davomida Suriya bozorida elektrotexnika mahsulotlariga bo‘lgan talab, iste’molchilar ehtiyoji, mavjud raqobat muhiti hamda mahalliy savdo tarmoqlaridagi mahsulotlar assortimenti tahlil qilindi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari O‘zbekiston mahsulotlarini ushbu bozorga olib kirish imkoniyatlari, narx shakllanishi, logistika yo‘nalishlari va hamkorlikning amaliy mexanizmlari yuzasidan dastlabki ma’lumotlarni shakllantirdi.
Mazkur o‘rganishlar O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari eksport geografiyasini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi savdo yo‘nalishlarini aniqlash hamda Suriya bozori bilan uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.