Ohangaronda Premier konditsioner zavodi ochildi
Ohangaronda Premier konditsioner zavodi ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ohangaron tumanidagi “Eltech Industrial” texnoparki hududida Premier maishiy texnika mahsulotlari, xususan konditsionerlar ishlab chiqarish zavodining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yirik loyiha Birlashgan Arab Amirliklarining Fajr Al Mustaqbal General Trading kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo‘lib, uning umumiy qiymati 30 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Korxona 10 gektar maydonda barpo etilgan bo'lib, 250 ta yangi ish o‘rni yaratild. Endi yiliga 4 million dollarlik eksport amalga oshiriladi va qariyib 87 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga erishiladi.
Korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Qirg‘iziston hamda Afg‘oniston bozorlariga eksport qilinishi ko'zda tutilgan.
Joriy yilning fevral oyida Prezidentimiz Ohangaron tumaniga tashrifi davomida ushbu loyiha faoliyati bilan yaqindan tanishib, elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahalliylashtirish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab bergan edi.