Oʻzbekiston va Belarus oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha kelishuv imzoladilar

Oʻzbekiston va Belarus oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha kelishuv imzoladilar

Oʻzbekiston va Belarus oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha kelishuv imzoladilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 20-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda Belarus Respublikasi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Aleksandr Yakovchits boshchiligidagi Belarus Respublikasi delegatsiyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Belarus Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi katta maslahatchisi Ivan Tkachev, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida tomonlar agrosanoat va oziq-ovqat sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, davlatlar o‘rtasida oziq-ovqat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida tajriba almashish hamda ikki mamlakatning tegishli idoralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida Belarus Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida oziq-ovqat sohasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi.

Imzolangan bitim ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda agrar sohada qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling