BMTTD Orol dengizi mintaqasida barqaror loyihalarni ishlab chiqmoqda

BMTTD Orol dengizi mintaqasida barqaror loyihalarni ishlab chiqmoqda

BMTTD Orol dengizi mintaqasida barqaror loyihalarni ishlab chiqmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Orolbo‘yi mintaqasi ekologik degradatsiya, suv tanqisligi, qishloq xo‘jaligi mahsuldorligining pasayishi, asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining cheklangani hamda iqlim o‘zgarishiga yuqori darajadagi zaiflik kabi o‘zaro bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.

Ushbu muammolarga javoban Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda Rossiya Federatsiyasi hukumatining moliyaviy ko‘magida “Orolbo‘yi mintaqasining eng zaif hududlarida mahalliy hamjamiyatlar barqarorligini oshirish hamda yashil va inklyuziv rivojlanishni rag‘batlantirish” loyihasini amalga oshirmoqda.

Loyiha oziq-ovqat xavfsizligi, suvdan foydalanish, iqlimga moslashish, ish o‘rinlari yaratish va aholining zaif qatlamlarini iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash masalalarini bir vaqtning o‘zida qamrab oluvchi kompleks yondashuvga asoslanadi.

Ushbu model Orolbo‘yi kabi hududlarda hayot tarzi, ekotizim va ijtimoiy farovonlik bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanini hisobga oladi. Shu sababli, barqaror rivojlanish faqat bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishlarda ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlaydigan uyg‘unlashtirilgan yechimlar orqali amalga oshirilishi mumkin.

Loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri issiqxona xo‘jaligini rivojlantirishdir. Bu oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, suv tanqisligi sharoitida iqlimga moslashishni qo‘llab-quvvatlash va kichik fermerlar uchun daromad manbalarini yaratishga xizmat qiladi. Pilot hududlarda suvni tejovchi sug‘orish tizimlari bilan jihozlangan o‘ndan ortiq energiya tejamkor issiqxonalar barpo etildi.

Kegeyli tumanidagi “Abat” mahallasida yashovchi fermer Atajan Nurjanov ilgari vegetatsiya davrida sug‘orish suvi yetishmasligi sababli barqaror hosil olishda qiyinchiliklarga duch kelgan. Loyiha ko‘magida uning xo‘jaligida maydoni 489 kvadrat metr bo‘lgan energiya tejamkor issiqxona qurildi. Bugungi kunda issiqxonada yiliga qariyb besh tonna bodring va boshqa sabzavotlar yetishtirilmoqda, bu esa oilaning daromadini oshirib, mahalliy aholining oziq-ovqat bilan ta’minlanishiga hissa qo‘shmoqda.

“Ilgari hosilimiz ob-havo va kanaldagi suv ta’minotiga to‘liq bog‘liq edi. Endi esa issiqxona va tomchilatib sug‘orish tizimi yordamida ishlab chiqarishni oldindan rejalashtirib, barqaror hosil olish imkoniyatiga egamiz”, dedi Atajan Nurjanov.

Issiqxona xo‘jaligi bilan bir qatorda loyiha ochiq maydonlarda ham suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etmoqda. Qorao‘zak tumanidagi “Hasylly” fermer xo‘jaligiva “Yesimo‘zek” MFY hududida 13,6 gektar yer maydonigako‘chma yomg‘irlatibsug‘orish tizimi o‘rnatildi. Natijada suv sarfi 50 foizga kamayib, hosildorlik esa 20 foizga oshdi.

Toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini yaxshilash ham loyiha faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Delegatsiya Qorao‘zak tumanidagi Quralpa qishlog‘ida joylashgan rekonstruksiya qilingan suvni tuzsizlantirish stansiyasini ko‘zdan kechirdi. 1990-yillarda qurilgan eski infratuzilma aholining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondira olmay qolgan edi. Mahalliy aholi bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar asosida loyiha doirasida stansiya to‘liq modernizatsiya qilinib, soatiga 16 kub metr suvni tozalash quvvatiga ega yangi uskunalar o‘rnatildi hamda 11,8 kilometr suv tarmog‘i qurildi.

Natijada 1 520 nafar aholi, jumladan ayollar, sanitariya talablariga javob beradigan xavfsiz ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Chorvachilik ham Qoraqalpog‘istonning oziq-ovqat tizimi va qishloq aholisi daromadlarida muhim o‘rin tutadi. Loyihaning Veterinariya instituti bilan hamkorlikdagi faoliyati doirasida Kegeyli tumanidagi “Aryslan Sharua” fermer xo‘jaligiga ilmiy asoslangan boqish usullari va yem ishlab chiqarish uskunalari taqdim etildi. Natijada chorva mahsuldorligi 40 foizga oshdi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi Agroekologiya ilmiy markazi metodologiyalari asosida sakkiz gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni tiklash ishlari olib borilmoqda.

Loyiha qishloq tadbirkorligi va mahalliy qayta ishlash faoliyatini ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Qanliko‘l tumanida delegatsiya tadbirkor Umit Seitovaga tegishli mini-qandolatxonaga tashrif buyurdi. Loyiha yordami bilan biznes kengaytirilib, mahalliy oziq-ovqat zanjirlari mustahkamlandi. Tashabbus natijasida ayollar uchun doimiy ish o‘rinlari yaratildi va mahalliy aholi yangi non mahsulotlari bilan ta’minlanmoqda.

“Bu shunchaki biznes emas. Biz butun mahallani yangi non mahsulotlari bilan ta’minlaymiz va endilikda ikki nafar ayol uyiga yaqin joyda doimiy ish bilan ta’minlandi”, — dedi Umit Seitova.

Ushbu va boshqa ko‘plab natijalar Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Yuriy Boychenko boshchiligidagi ikki monitoring missiyasi davomida qayd etildi. 2025-yil oktabr oyidagi birinchi tashrif davomida delegatsiya qishloq xo‘jaligi kooperativlarini qo‘llab-quvvatlash, sanitariya-epidemiologiya laboratoriyalarini modernizatsiya qilish hamda suvni tejovchi guruch navlarini sinovdan o‘tkazish bilan tanishdi. O‘shandan buyon loyiha faoliyati kengayib, uzoq hududlardagi 4 300 dan ortiq aholining toza suvga bo‘lgan ehtiyoji qondirildi va yuzlab ish o‘rinlari yaratildi. Bu natijalar 2026-yil may oyidagi ikkinchi monitoring missiyasi davomida ham tasdiqlandi.

Loyiha strategik hamkorliklar Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘zaro bog‘liq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechimlar bera olishini namoyish etmoqda. Iqlimga mos qishloq xo‘jaligi, suvdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va barqaror daromad manbalarini qo‘llab-quvvatlash orqali tashabbus Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga hamda mahalliy hamjamiyatlar uchun yanada barqaror kelajakni yaratishga xizmat qilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling