Tailand o‘zbekistonliklar uchun vizasiz muddatni qisqartiradi
Tailand o‘zbekistonliklar uchun vizasiz muddatni qisqartiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tailand Vazirlar Mahkamasi 93 davlat fuqarolari uchun vizasiz bo‘lishning maksimal muddatini 60 kundan 30 kunga qisqartirishni maʼqulladi. Bu haqda Thai PBS teleradiokompaniyasi xabar qildi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakat hukumati fuqarolari uchun avval turli toifadagi kirish tartiblari amal qilgan davlatlarga nisbatan joriy maxsus tartibni ham qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Tailand turizm va sport vaziri Surasak Pancharoyenvorakulning maʼlum qilishicha, Viza siyosati qo‘mitasi har bir davlat bo‘yicha vaziyatni alohida baholaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qaror qabul qilishda xavfsizlik masalalari va davlatning iqtisodiy manfaatlari inobatga olinadi.
Ayrim holatlarda vizasiz bo‘lish muddati qo‘shimcha ravishda 15 kungacha qisqartirilishi mumkin. Ehtimoliy o‘zgarishlarning boshqa tafsilotlari hozircha ochiqlanmagan.