Senat qurilish sohasida korruptsiyaga qarshi choralar ko'rish bo'yicha so'rov yubordi
Senat qurilish sohasida korruptsiyaga qarshi choralar ko'rish bo'yicha so'rov yubordi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 15-yalpi majlisida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh. Hidoyatovga qurilish sohasida korrupsiyaning oldini olish qonunchiligiga rioya qilish yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda qurilish sohasi iqtisodiyotning “drayveri” sifatida belgilanib, sohani raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sohada inson qadrini ulug‘lashga va qonun ustuvorligini taʼminlashga, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim tizimli muammolar ham saqlanib qolayotganligi kuzatilmoqda.
Xususan, sohada moliyaviy intizomni mustahkamlash hamda mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlariga chek qo‘yish maqsadida ichki nazorat mexanizmlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish va kuchaytirish zarurati mavjud.
Tahlillar qurilish obyektlarida xavfsizlik texnikasi talablariga qatʼiy rioya etish va inson hayotini muhofaza qilish eng ustuvor vazifa ekanini ko‘rsatmoqda. Shu sababli bu borada nazorat tizimini takomillashtirish bo‘yicha vazirlik zimmasiga qatʼiy vazifalar qo‘yilishi taʼkidlandi.
Sohada aholidan kelib tushayotgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish samarasizligi borasida keskin eʼtirozlar bildirilib, fuqarolarning huquqlarini taʼminlashda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish zarurligi qayd etildi.
Maʼnan eskirgan ayrim shaharsozlik normalari va qoidalarini xalqaro standartlar asosida tezkorlik bilan xatlovdan o‘tkazish va yangilash zarurligi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, parlament so‘rovida vazirlikdan korrupsiyaga chek qo‘yish, davlat xaridlarida shaffoflikni taʼminlash, qurilish sifatini nazorat qilish va ishchilar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish talabi qo‘yildi.
Muhokama yakunlari yuzasidan Senatning tegishli parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.