Senat Bolalar Ombudsmanining 2025-yilgi hisobotini ko'rib chiqdi
Senat Bolalar Ombudsmanining 2025-yilgi hisobotini ko'rib chiqdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) 2025-yilda bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi maʼruzasi ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, 2025-yilda Bolalar ombudsmani nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan 1 934 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 509 tasi ijobiy hal qilingan hamda 708 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Murojaatlar eng ko‘pi Toshkent shahri (470 ta), Surxondaryo (254 ta) va Toshkent viloyatlari (236 ta) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, 2025-yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 35 ta shaxsiy qabulida 141 nafar fuqaro murojaati ko‘rib chiqilgan.
Murojaatlar tahlili va monitoring faoliyati asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi yuzasidan 3 ta ogohlantirish, 6 ta taqdimnoma, 25 ta xulosa va 3 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan.
Murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 19 ta jinoyat ishi hamda 26 ta maʼmuriy ish qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, 20 ta jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv olib borish uchun yuborilgan.
Internet tarmog‘ida o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan bola huquqlarining buzilishiga oid holatlar yuzasidan 23 ta jinoyat ishi hamda 28 ta maʼmuriy ish qo‘zg‘atilishi taʼminlangan.
Taʼlim muassasalarida bolaga jismoniy jazo qo‘llaganligi, o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun 15 nafar pedagog xodimga maʼmuriy jazo, bolaga qo‘pol muomalada bo‘lganligi uchun esa 6 nafar pedagog xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, bolaga oid qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi organning 2 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.
Senatorlar tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasidagi islohotlar hamda bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi yuzasidan qator fikr va takliflar bildirildi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi