Senat qishloq xoʻjaligi qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlarni maʼqulladi
Senat qishloq xoʻjaligi qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlarni maʼqulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Qonun bilan “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi va “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida”gi qonunlarga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining nomi aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi o‘zining hamda meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi subyektlar, issiqxona xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarga berilgan ariza, daʼvo va shikoyatlari yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar nazarda tutilmoqda.
Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, agrar sohadagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.