Samarqand va Nyu-York turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Samarqand va Nyu-York turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSHning Nyu York shtatida “Samarqand va Nyu York biznes-turizm forumi” tashkil etildi. Mazkur forum ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim maydonga aylandi.
Tadbir doirasida Samarqand viloyatining tadbirkorlik muhiti, turizm salohiyati hamda xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi imkoniyatlari taqdimot orqali namoyish etildi.
Forumning ochilishida Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, hududda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, investisiyalarni jalb etish borasidagi islohotlar hamda viloyatning iqtisodiy salohiyati haqida atroflicha ma’lumotlar berdi.
Samarqandning nafaqat tarixiy-madaniy markaz, balki zamonaviy biznes va turizm infratuzilmasi rivojlanib borayotgan hudud sifatida ham investorlar uchun jozibador maskanga aylanayotgani ta’kidlandi.
Forum davomida ishtirokchilar o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Tadbirda kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda turizmni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur forum ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, yangi investitsion loyihalar uchun zamin yaratish va hozirgi kunda AQSHda faoliyat olib borayotgan vatandoshlar bilan biznes aloqalarini kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi.