O‘zbekistonda eskrou orqali 60 mingdan ziyod bitim tuzildi
O‘zbekistonda eskrou orqali 60 mingdan ziyod bitim tuzildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —O‘zbekiston Markaziy banki eskrou hisobvaraqlari orqali rasmiylashtirilayotgan ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdi bitimlari bozoridagi faollik haqida maʼlumot berdi. Maʼlumotlar 2026 yilning aprel va may oylarini qamrab oladi.
Aprel oyida jami 31 757 ta bitim ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shundan 18 960 tasi transport vositalari, 12 797 tasi esa ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar bo‘lgan. Yana 1 516 ta bitim rasmiylashtirish jarayonida bo‘lgan.
May oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bitimlar soni 29 023 tani tashkil etgan. Ularning 16 584 tasi transport vositalariga, 12 439 tasi esa ko‘chmas mulkka to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, 1 113 ta bitim rasmiylashtirish bosqichida bo‘lgan.
Har ikki oyda ham eng yuqori faollik Toshkent shahrida qayd etilgan. Aprel oyida poytaxtda 9 177 ta, may oyida esa 8 575 ta bitim rasmiylashtirilgan.
Yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan hududlar qatorida Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlari ham ajralib turdi. Ushbu hududlarda har ikki oy davomida bitimlar faolligi barqaror yuqori darajada saqlanib qolgan.
Markaziy bank taʼkidlashicha, eskrou hisobvaraqlaridan foydalanish yuqori faollikni saqlab qolmoqda hamda mulk bilan bog‘liq bitimlarni xavfsiz amalga oshirish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda.