O‘zbekiston TIV YI migratsiya markazlari haqidagi xabarlarni rad etdi
O‘zbekiston TIV YI migratsiya markazlari haqidagi xabarlarni rad etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa Ittifoqidan chiqarilayotgan migrantlar uchun O‘zbekiston hududida markazlar joylashtirilishi mumkinligi haqidagi maʼlumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev “Gazeta” nashriga maʼlum qildi.
Avvalroq Amerikaning Politico nashri uch nafar nomi ochiqlanmagan yevropalik diplomatga tayanib, YIga aʼzo davlatlar guruhi ittifoq tashqarisidagi 8–10 davlatga o‘z hududida boshpana berish rad etilgan migrantlar uchun markazlar joylashtirish taklifi bilan murojaat qilishni rejalashtirayotganini xabar qilgan edi.
Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Germaniya va Gretsiya qo‘shma qaytarish markazlari — return hubs, shuningdek YI tashqarisida boshpana berish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish markazlarini tashkil etish ustida ish olib bormoqda. Loyihada ishtirok etishga rozi bo‘lgan davlatlarga rivojlanish bo‘yicha yordam yoki viza rejimini liberallashtirish taklif qilinishi mumkin.
Diplomatlardan biri Politico nashriga ehtimoliy hamkor davlatlar sifatida Qozog‘iston va O‘zbekiston ko‘rib chiqilayotganini bildirgan.
TIV matbuot kotibi “Gazeta” nashriga shunday dedi: «Hozirgi vaqtda mazkur masala yuzasidan Yevropa Ittifoqi muassasalari bilan muzokaralar olib borilmayapti va rejalashtirilmagan».
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Yerlan Jetibayev ham 1 iyun kuni respublika Yevropa Ittifoqi bilan boshpana olmagan migrantlar uchun maxsus markazlar tashkil etish bo‘yicha, viza tartibini yengillashtirish evaziga muzokaralar olib bormayotganini maʼlum qildi, deb yozadi TASS.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston hozirda Yevropa tomoni bilan viza talablarini yengillashtirish, shuningdek mamlakat noqonuniy ravishda xorijga chiqqan o‘z fuqarolarini qabul qilib olish majburiyatini nazarda tutuvchi readmissiya kelishuvini muhokama qilmoqda.
2025 yil oktyabr oyida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. O‘shanda bu tomonlarga readmissiya va viza tartibini yengillashtirish masalalari bo‘yicha muzokaralarni boshlash imkonini berishi taʼkidlangan.
Dekabr oyida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi viza tartibini yengillashtirish bo‘yicha muzokaralarni boshladi.
Tomonlar mehnat faoliyati va taʼlim uchun YI mamlakatlariga borayotgan fuqarolar, shuningdek yuk tashuvchi haydovchilar va turistik guruhlar uchun viza tartib-taomillarini yengillashtirish imkoniyatlarini muhokama qilgan.