Tanzila Narbaeva Vengriya Milliy Assambleyasi Spikeri bilan uchrashdi
Tanzila Narbaeva Vengriya Milliy Assambleyasi Spikeri bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Parlamentlararo ittifoq parlamentlarining ayol aʼzolari global konferensiyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Vengriya Milliy Assambleyasi Spikeri Agnesh Forstxoffer bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash hamda oʻzaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surish masalalari koʻrib chiqildi.
Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
Parlamentlar oʻrtasida muloqotni faollashtirish, parlamentlararo hamkorlik boʻyicha guruhlar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, yosh parlament aʼzolari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, hududlararo sheriklikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Senat Raisi Vengriya parlamenti vakillarini joriy yilning 4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkaziladigan Parlamentlararo ittifoqning 12-Global yosh parlament aʼzolari konferensiyasida ishtirok etishga taklif etdi.