O‘zbekiston gidrometeorologiya tizimini modernizatsiya qiladi
O‘zbekiston gidrometeorologiya tizimini modernizatsiya qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda gidrometeorologiya infratuzilmasini rivojlantirish, monitoring tizimini takomillashtirish va fuqaro aviatsiyasi havo kemalari parvozlari xavfsizligini meteorologik taʼminlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining 252-sonli qarori qabul qilindi.
Hujjat gidrometeorologiya sohasini modernizatsiya qilish, ob-havo sharoitlarini prognozlash aniqligini oshirish va aviatsiya tashuvlari xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Qarorga muvofiq, 2027–2028 yillarda mamlakatning baland tog‘li hududlari holatini monitoring qilish uchun masofaviy qor qoplami o‘lchash punktlarini zamonaviy qor o‘lchash uskunalari bilan jihozlash dasturlari tasdiqlandi. Ushbu choralar gidrometeorologik vaziyatni kuzatish samaradorligini oshirish va xavfli tabiiy hodisalarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, 2026–2028 yillarda respublika aeroportlarida avtomatik aviatsiya meteostansiyalarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Urganch xalqaro aeroportida aviatsiya meteoxizmati infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan bo‘lib, u yerda aviatsiya meteostansiyasini yangilash va sohaviy obyektlarni zamonaviy maxsus uskunalar bilan jihozlash ko‘zda tutilgan.
Aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘ylab elektr taʼminoti, aloqa, internet tarmog‘i va zaxira elektr manbai kabi barcha zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlangan avtomatlashtirilgan aviatsiya meteostansiyasi o‘rnatiladi.
Qarorni amalga oshirish milliy gidrometeorologiya xizmatini yana-da rivojlantirish, xavfli tabiiy hodisalar haqida erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish, shuningdek xalqaro standartlarga muvofiq fuqaro aviatsiyasi parvozlari xavfsizligining yuqori darajasini taʼminlashga qaratilgan.