Oʻzbekiston va Janubiy Koreya akvakultura sohasida hamkorlikning yangi bosqichini boshladi
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya akvakultura sohasida hamkorlikning yangi bosqichini boshladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 26–31 may kunlari “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi vakillari hamda Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy hodimlaridan iborat delegatsiya Janubiy Koreya Respublikasida xizmat safarida bo‘ldi.
Tashrif davomida Cheju viloyati hokimligi, Cheju baliqchilik akvakulturasi kooperativi (Jeju Fish-Culture Fisheries Cooperative), Cheju baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati hamda sohadagi yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Jeju Fisheries Aquaculture Cooperative Janubiy Koreyaning yetakchi baliqchilik kooperativlaridan biri bo‘lib, dengiz baliqlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Ushbu tashkilotga a'zo kompaniyalari tomonidan kambala (Olive Flounder) balig‘ini yetishtirish, Eco-smart aquaculture texnologiyalari, baliqni qayta ishlash, baliq kasalliklarini nazorat qilish bo‘yicha zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan hamda baliq ozuqasi ishlab chiqarish bo‘yicha katta tajribaga ega hisoblanadi.
Uchrashuv doirasida, O‘zbekistonda akvakultura sohasini rivojlantirish, dengiz baliq mahsulotlarini O‘zbekiston sharoitida yetishtirish, zamonaviy texnologiyalar, ilmiy-ishlanmalar va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya Cheju orolidagi baliqchilik obyektlari, dengiz baliq mahsulotlarini sun'iy usulda yetishtirishga ixtisosolashgan xo‘jaliklar, laboratoriyalar, baliq ozuqasi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Tashrif doirasida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Cheju baliqchilik akvakultura kooperativi o‘rtasida uch tomonlama “Anglashuv memorandumi” imzolandi.
Memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda kambala (Olive Flounder) balig‘ini O‘zbekiston sharoitida yetishtirish bo‘yicha o‘rganishlar olib borish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, dengiz baliq turlarini iqlimlashtirish, malakali mutaxassislarni jalb etish, tajriba almashish hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishdan iborat bo‘lib, bu mamlakatimizda akvakul'tura sohasini rivojlantirishga va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga o‘z xissasini qo‘shadi.