Toshkentda MMA bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi
Toshkentda MMA bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida aralash jang sanʼatlari (MMA) bo‘yicha Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Turnirda Osiyoning 23 davlatidan sportchilar ishtirok etmoqda.
Musobaqalar qitʼadagi eng yirik sport tadbirlaridan biri doirasida tashkil etilgan. Ishtirokchilar turli vazn va yosh toifalarida eng kuchli sportchi nomini qo‘lga kiritish uchun bahs olib bormoqda.
Ochlish marosimida O‘zbekiston Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, xalqaro tashkilotlar va sport jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Osiyo MMA assotsiatsiyasi prezidenti Gordon Tang hamda O‘zbekiston aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi prezidenti Aziz Toshpulatov o‘z chiqishlarida ishtirokchilarga omad tiladi. Ular sport mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi. Shuningdek, Osiyoda MMA rivoji xalqaro musobaqalar darajasi o‘sishi bilan bog‘liq ekani qayd etildi.
Taʼkidlanishicha, mazkur chempionat Yaponiyaning Ayti–Nagoya shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlari saralash musobaqasining to‘rtinchi va hal qiluvchi bosqichi hisoblanadi. G‘olib va sovrindorlar Saudiya Arabistonida o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
O‘zbekiston terma jamoasi turnirda 50 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda. Ular turli vazn va yosh toifalarida mamlakat sharafini xalqaro maydonda himoya qilmoqda.