O‘zbekiston farmatsevtika eksportini oshirmoqda: Afg‘oniston bilan muzokaralar natijasida kelishuvlar imzolandi
O‘zbekiston farmatsevtika eksportini oshirmoqda: Afg‘oniston bilan muzokaralar natijasida kelishuvlar imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘oniston Milliy oziq-ovqat va dori-darmonlar boshqarmasi (AFDA) raisi Najibulloh Tavano boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurmoqda. Tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Delegatsiya aʼzolari uchun mamlakatimizning yetakchi farmatsevtika korxonalariga maxsus “Farm-tur” tashkil etildi. Mehmonlar ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologik tizimlar, korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, eksport salohiyati hamda yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, uchrashuvlar davomida dori vositalari sifati va xavfsizlik standartlari, logistika tizimlarini rivojlantirish, mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini takomillashtirish hamda ikki tomonlama savdo aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar farmatsevtika mahsulotlari savdosini yana-da oshirish, uzoq muddatli va barqaror hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini taʼkidladilar.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda Afg‘oniston importyorlari o‘rtasida eksport shartnomalari imzolandi.
Mazkur muloqotlar O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining eksport salohiyati izchil ortib borayotganini yana bir bor namoyon etib, Markaziy Osiyo hamda qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.