Soliq to‘lovchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati yaxshilanadi
Soliq to‘lovchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati yaxshilanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni PF–95-son qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar ushbu Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilandi:
2030 yilga qadar Jahon bankining “Business ready” reytingida soliq yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajaga chiqish;
soliq xizmatlari sifatini yaxshilash va soliq to‘lovchilarning soliq organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash.
2026 yil 1 iyuldan: tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
soliq xavfi o‘rta bo‘lgan soliq to‘lovchilarga aniqlangan xavflar to‘g‘risida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Bunda aniqlangan kamchiliklar 1 oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi;
yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga ularning ixtiyoriga ko‘ra dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati “Soliq-servis” AJ tomonidan bepul amalga oshiriladi.
2026 yil 1 avgustdan soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bunda soliq to‘lovchilar tomonidan:
soliq xizmatlaridan foydalanish imkoniyati va qulayligi, shuningdek, soliq organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini;
soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorligi darajasini baholash imkoniyati yaratiladi.
2027 yil 1 yanvardan:
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha soliq vakolatli organlarning soliq organlariga taqdim etgan maʼlumotlari asosida hisoblab chiqariladi va soliq to‘lovchi tomonidan soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yo‘naltirilgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlarini qo‘llash proaktiv tartibda amalga oshiriladi. Bunda imtiyoz qo‘llash natijasida yuzaga kelgan ortiqcha summa jismoniy shaxsning murojaatiga asosan 10 ish kuni ichida qaytariladi.
2027-yildan 1 yanvardan avvalgi yilning 1 iyul holatiga ketma-ket keladigan oxirgi 12 oylik davr bo‘yicha to‘langan soliqlar, yig‘imlar va davlat boji, shuningdek, soliq bo‘lmagan to‘lovlari hajmi BHMning 500 ming baravaridan ortiq korxonalar va tijorat banklari o‘ta yirik soliq to‘lovchilar deb eʼtirof etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash maqsadida Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etiladi.
2027-yil 1 yanvardan soliq sohasida alohida tashabbus ko‘rsatgan, soliq tizimi rivojiga hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida “Soliq xizmati fidoyisi” ko‘krak nishoni taʼsis etiladi.