Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llashga oid qonun muhokama qilindi

Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llashga oid qonun muhokama qilindi

Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llashga oid qonun muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha Bitimiga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayonida o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi milliy qonunchilikni Tashkilotning bitimlarida nazarda tutilgan qoidalar va meʼyorlarga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi Qonunda keltirilgan asosiy tushunchalar O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya doirasida tasdiqlangan fitosanitariya atamalari lug‘atiga muvofiqlashtirilmoqda.

Shuningdek, o‘simliklar karantini sohasidagi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining vakolatlari kengaytirilmoqda. Jumladan, fitosanitariyaga oid xavfni tahlil qilish, fitosanitariya nazorati ostida xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi tartib-taomilini tasdiqlash, karantin ostidagi materiallarni fitosanitar zararsizlantirish qoidalarini va usullarini, o‘simliklar karantini sohasidagi laboratoriya tekshiruvlarining uslublarini ishlab chiqish va tasdiqlash, fitosanitar zararsizlantirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha talablarni va tartibni ishlab chiqish kabi vakolatlari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, “Davlat boji to‘g‘risida”gi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga yuridik shaxslarga fitosanitar zararsizlantirish bo‘yicha faoliyat uchun cheklangan muddatga litsenziya berilishi hamda ushbu faoliyat uchun davlat boji belgilanishi, litsenziyaning nomi va uning kichik turlari aniqlashtirilishi hamda mazkur faoliyatni amalga oshirish chog‘ida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori belgilanishiga oid normalar kiritilmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, fitosanitar zararsizlantirish bo‘yicha faoliyatni yanada takomillashtirish hamda mahsulotlarni xalqaro savdoda to‘siqsiz aylanishini taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling