Oʻzbekiston Senati raqamli mahsulotlarni yorliqlash tizimini mustahkamlashni maʼqulladi
Oʻzbekiston Senati raqamli mahsulotlarni yorliqlash tizimini mustahkamlashni maʼqulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida senatorlar “Raqamli markirovkalash tizimining samaradorligi oshirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni muhokama qildi.
So‘nggi yillarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanib, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda asossiz tekshiruvlarning oldini olishga qaratilgan muayyan ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, aholini sifatli isteʼmol mahsulotlari bilan taʼminlash hamda mahsulotlar noqonuniy ravishda ishlab chiqarilishi va muomalaga kiritilishining oldini olish uchun qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi mahsulotlarni identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash va ushbu mahsulotlarning aylanmasini kuzatib borish tizimini yana-da kuchaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida tovarlarni markirovkalash isteʼmolchilarni sifatsiz, soxta mahsulotlarni sotib olishdan himoyalashga mo‘ljallanganligini va markirovkaning mavjudligi ishlab chiqaruvchini qonun normalari va sifat standartlariga qatʼiy rioya etishga undashini bildirdi.
Qonun bilan Soliq kodeksiga tovarlarni (mahsulotlarni) majburiy markirovkalash bilan bog‘liq huquqbuzarlik to‘g‘risida ikki marta rasmiy ogohlantirish berilganidan keyin masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, Qonunda masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish 5 kun muddat bo‘lganligi hamda dalolatnoma elektron hujjat ko‘rinishida rasmiylashtirilishi belgilanmoqda.
Senatorlar qayd etganidek, Qonun qabul qilinishi xufiyona aylanma va yashirin iqtisodiyotning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushini qisqartirish, aholiga sifatsiz yoki qalbaki mahsulotlarni (spirtli ichimlik, tamaki mahsuloti, dori vositalari, salqin ichimlik va boshqalar) realizatsiya qilish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.