Qonunchilik palatasi Oʻzbekistonning 2025-yilgi byudjetining ijrosini maʼqulladi

Qonunchilik palatasi Oʻzbekistonning 2025-yilgi byudjetining ijrosini maʼqulladi

Qonunchilik palatasi Oʻzbekistonning 2025-yilgi byudjetining ijrosini maʼqulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi oʻzining navbatdagi yalpi majlisida Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni koʻrib chiqdi va qaror qabul qildi. Bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov hisobot berdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda jahondagi geosiyosiy ziddiyatlar kuchayib, global iqtisodiyotdagi noaniqliklar chuqurlashayotganligiga qaramay mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishilmoqda. Keng qamrovli islohotlarning davom ettirilishi, tarmoq, soha va hududlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan dasturlarning amalga oshirilishi aholi farovonligining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulotning hajmi 2024-yilga nisbatan 7,7 foizga, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri bo‘lgan xizmatlar sohasi 14,7 foizga va qurilish sohasi 14,2 foizga hamda sanoat sohasi 6,8 foizga o‘sdi. Shuningdek, mamlakatda yillik inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasi 81,2 mlrd. dollarga teng bo‘ldi. Iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlar natijasida 2025-yilda jami 591,1 trln. so‘mlik asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirilib, 2024-yilga nisbatan 10,5 foizga oshdi.

Davlat budjeti daromadlari 2024-yilga nisbatan 116,6 foizga, Davlat budjeti xarajatlari esa 99,3 foizga bajarilgan. Davlat budjeti mablag‘larining 47,0 foizi yoki 180,4 trln. so‘mi ijtimoiy soha xarajatlarini moliyalashtirishga sarflanib, ushbu xarajatlarning 86,5 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uy-joy bilan ta’minlash dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.

Hisobot davrida ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar o‘z vaqtida to‘lab berilgan hamda inflatsiyadan kam bo‘lmagan miqdorda oshirilgan.

Muhokamalarda deputatlar davlat budjetining ijrosi aholi farovonligini oshirish, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilganini alohida e’tirof etdilar.

Xalq vakillari ta’lim sohasidagi islohotlar tahliliga alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, sohani rivojlantirish uchun budjetdan 84,2 trln. so‘m yoki 2024-yilga nisbatan 12,9 trln. so‘mga ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgan. Shuningdek, davlat-xususiy sherikchiligidagi bolalar bog‘chalariga qariyb 4,0 trln. so‘m subsidiya ajratilgan. Buning natijasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 32 mingtaga yetib, ulardagi bolalar qamrovi 1 milliondan oshgan.

Hisobot davrida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish masalalari xalq vakillarining diqqat markazida bo‘ldi. Xususan, sohaga 43,3 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani alohida qayd etildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 7,2 trln. so‘mga ko‘pdir. Bundan tashqari, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bilan qamrab olingan tibbiyot muassasalari tomonidan 21,6 trln. so‘m mablag‘ sarflangani deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.

Xalq vakillari 2025-yilda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi, moddiy yordam va kompensatsiyalar uchun ajratilgan 14,5 trln. so‘m budjet mablag‘larining maqsadli ishlatilishini muhokama qildilar. Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestridagi, shuningdek, mezonlarga mos keluvchi boshqa kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida yetkazilganligi bo‘yicha mas’ullardan tegishli tushuntirishlar olindi.

Muhokamada kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini izchil oshirishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Davlat budjeti jami xarajatlarining qariyb 11,9 foizi yoki 45,5 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilganligi Yangi O‘zbekistonning “ijtimoiy davlat” konstitutsiyaviy maqomiga uyg‘un holat sifatida baholandi.

Xalq vakillari erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda hisobot davrida davlat budjeti ijrosida mavjud ayrim muammolarga ham e’tibor qaratdilar. Budjet ijrosi hisobotida budjetdan tashqari jamg‘armalarning moliyaviy aylanmalari bo‘yicha ma’lumotlar ochiqligi va shaffofligini oshirish, budjet daromadlarini ko‘paytirish va moliyaviy nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qator takliflar berildi.

Muhokamalarda hisobot davrida budjetdan yetarlicha mablag‘lar ajratilishiga qaramasdan ayrim vazirlik va idoralar tomonidan budjetdan rivojlantirish dasturlariga ajratilgan mablag‘larni to‘liq o‘zlashtirilmaganligi deputatlar e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Sport, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo, Energetika kabi vazirliklarda budjet xarajatlari ijrosi rejaga nisbatan to‘liq bajarilmaganligi tanqid qilindi.

Hisobot yilida ichki audit xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida jami 827,3 mlrd. so‘mlik maqsadsiz va samarasiz xarajatlarning oldi olingan bo‘lsa-da, bu boradagi ishlar hali sust va yetarli darajada samara bermayotganligiga e’tibor qaratildi. Budjet mablag‘larini maqsadsiz sarflash, kamomad va noqonuniy o‘zlashtirish holatlari hamon uchrab turganligi, moliyaviy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligini xalq vakillari tanqidiy baholadilar. Ichki audit xizmati sifatini oshirish, budjet mablag‘lari talon-toroj qilinishining oldini olish borasida sohada raqamlashtirish jarayonlarini keskin jadallashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdilar.

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling