O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi MDH Parlamentlararo Assambleyasining 60-yalpi majlisida ishtirok etdi
O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi MDH Parlamentlararo Assambleyasining 60-yalpi majlisida ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasining 60-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisning asosiy mavzularidan biri sifatida MDH makonida 2026-yil – Sog‘liqni saqlash yili doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama etildi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘z so‘zida MDH Parlamentlararo Assambleyasi yillar davomida parlamentlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchiliklarni yaqinlashtirish va parlament diplomatiyasini mustahkamlashda muhim platformaga aylanganini qayd etdi. Shuningdek, hamkorlik doirasida asosiy eʼtibor aholi manfaatlari va farovonligini taʼminlashga qaratilgani alohida taʼkidlandi.
O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu munosabat bilan sog‘liqni saqlash sohasi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinayotgani, raqamli texnologiyalar va teletibbiyot joriy etilib, birlamchi tibbiy xizmatlar tizimi mustahkamlanib borayotgani qayd etildi.
Joriy yilda O‘zbekiston MDH Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik kengashiga raislik qilayotgani amaliy tashabbuslarni ilgari surish va parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish borasida qo‘shimcha masʼuliyat yuklashi taʼkidlab o‘tildi.
O‘zbekiston parlament delegatsiyasi tomonidan transchegaraviy sog‘liqni saqlash sohasida huquqiy asoslarni rivojlantirish; shu jumladan namunaviy qonunlar ishlab chiqish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish, sog‘lom ovqatlanish va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish; farmatsevtika sohasida yagona yondashuvlarni shakllantirish, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va sifat nazoratini kuchaytirish; tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda malaka almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish doir takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, parlament aʼzolari sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish uchun zarur huquqiy asoslarni yaratish va qabul qilingan qonunlarning samarali ijrosini taʼminlashda parlament diplomatiyasi muhim o‘rin tutishini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi MDH Parlamentlararo Assambleyasi huzuridagi Sog‘liqni saqlash bo‘yicha ekspert kengashi salohiyatidan yana-da samarali foydalanish tashabbusini ilgari surib, ushbu yo‘nalishda faol hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Majlis yakunida muvofiqlashtirilgan qonunchilik tashabbuslari hamda parlamentlararo hamkorlik MDH makonida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va integratsiya jarayonlarini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.