O'zbekiston Cadila Pharmaceuticals bilan farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
O'zbekiston Cadila Pharmaceuticals bilan farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "Pharma Eurasia & Med Tech 2026" ko‘rgazmasi doirasida navbatdagi uchrashuv Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Hindistonning “Cadila Pharmaceuticals” kompaniyasi vakili bilan bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, regulyator jarayonlarni takomillashtirish hamda farmatsevtika mahsulotlari muomalasi sohasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratildi. Kompaniya vakiliga amaldagi ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillari, regulyator tizim samaradorligi va shaffofligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida O‘zbekiston farmatsevtika sohasidagi investitsion imkoniyatlar, jumladan “BioPharma City” farmatsevtika klasteri hududida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasida GMP sertifikatini olish shartlari, xalqaro sifat standartlarini joriy etish hamda ishlab chiqarish infratuzilmasini xalqaro talablar asosida rivojlantirish masalalarini ham ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar konstruktiv muloqotni davom ettirish va farmatsevtika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.