O‘zbekiston fuqarolari Bangkokdagi halokatda jabrlanmadi

O‘zbekiston fuqarolari Bangkokdagi halokatda jabrlanmadi

O‘zbekiston fuqarolari Bangkokdagi halokatda jabrlanmadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tailand poytaxti Bangkok shahrida 16 may kuni yuk poyezdi va yo‘lovchi avtobusi to‘qnashuvi sodir bo‘ldi. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan va 33 nafar inson jarohat olgan. Bu haqda mahalliy favqulodda xizmatlar va tibbiyot muassasalari xabar qildi.

17 may holatiga ko‘ra, jabrlanganlarning 15 nafari shifoxonalardan javob berilgan, 18 kishi esa davolanishda davom etmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan ikki kishi Tailand fuqarosi hisoblanadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Bangkokdagi Police General Hospital sud-tibbiy bo‘limi maʼlumotlariga tayanib, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari aniqlanmaganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Tailanddagi diplomatik va konsullik muassasalari vaziyatni kuzatishda davom etmoqda hamda mahalliy hokimiyat organlari bilan aloqada bo‘lib turibdi.

Tashqi siyosat idorasi hodisa O‘zbekiston konsullik xizmatlarining doimiy nazoratida ekanini ham bildirdi.

Zarur holatlarda fuqarolarga tezkor aloqa uchun O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi telefon raqamlari taqdim etildi.

+66-2 675-3995
+66-2 675-3996

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling