JAC Motors Toshkent zavodi ochildi

JAC Motors Toshkent zavodi ochildi

JAC Motors Toshkent zavodi ochildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Yangi Avlod” maxsus sanoat zonasida “JAC Motors Toshkent” zavodining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov ishtirok etib, mazkur loyiha poytaxt sanoat salohiyatini oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi boshlangan brendning ilk modeli — JAC M3 avtomobilini yig‘ish liniyasi rasman ishga tushirildi.

“JAC Motors Toshkent” MChJ Xitoyning JAC Motors kompaniyasi hamda “Toshkent invest kompaniyasi” AJ hamkorligida qo‘shma korxona shaklida tashkil etildi. Zavod ichki yonuv dvigatelli, gibrid va elektromobillar ishlab chiqarish loyihasidir.

Loyiha qiymati 135 mln AQSh dollari bo'lib, umumiy 30 gektar maydonda ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda 35 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya o‘zlashtirilib, yillik 10 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega SKD zavodi ishga tushirildi hamda 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Ikkinchi bosqichda esa to‘liq ishlab chiqarish sikliga ega CKD zavodini barpo etish, yillik quvvatni 30 ming dona avtomobilga yetkazish va qariyb 1000 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Kelgusida Toshkentda JAC M4, Sunray, JS8, RF8, T8 va T9 modellarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Mazkur loyiha poytaxtda yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, avtomobil bozorida raqobatni kuchaytirish, aholiga sifatli va hamyonbop transport vositalarini taqdim etish hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling