Oʻzbekiston va SLB energetika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va SLB energetika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 21-may kuni Energetika vaziri J.Mirzamahmudov hamda SLB kompaniyasining Osiyo–Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha prezidenti Sh.Shohdi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda shuningdek, SLB kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktor A.Boykov hamda ikki tomonning mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlash kerakki, SLB (Schlumberger) — dunyoning eng yirik neft servis kompaniyalaridan biri bo‘lib, 1926-yilda tashkil etilgan. Kompaniyaning bosh qarorgohi Houston shahrida joylashgan bo‘lib, u bugungi kunda 120 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. SLB geologiya-qidiruv ishlari, burg‘ilash, raqamlashtirish, konlarni modellashtirish hamda uglevodorod zaxiralarini o‘zlashtirish sohalarida ilg‘or texnologiya va yechimlarni taklif etib kelmoqda.
Muzokaralar davomida geologiya-qidiruv ishlari, raqamlashtirish, konlarni modellashtirish, burg‘ilash va murakkab uglevodorod zaxiralarini o‘zlashtirish sohalaridagi hamkorlikning joriy holati hamda istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Shuningdek, raqamli ma’lumotlar bazalarini rivojlantirish, konlarni ishlab chiqish samaradorligini oshirish hamda uglevodorod qazib chiqarish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar kadrlar tayyorlash, mutaxassislar malakasini oshirish va mahalliy mehnat bozorini rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildi. SLB kompaniyasi profil oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlari bo‘yicha tajribasini taqdim etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro yaqin hamkorlik va axborot almashinuvini davom ettirishga kelishib oldi. Shuningdek, joriy yil iyun oyi boshida burg‘ilash va konlarni ishlab chiqish sohasida raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar hamda sun’iy intellekt yechimlarini qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan qo‘shma amaliy seminar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.