Oʻzbekiston va Jahon banki turizmni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Jahon banki turizmni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Jahon banki guruhining shaharsozlik, submilliy moliya, turizm va ofatlar xavfini boshqarish bo‘yicha global direktori doktor Ming Chjan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasida turizm sohasini rivojlantirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish hamda barqaror infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan maqsadlarning yakuniy bosqichida ekanligi va bu borada qator loyihalarni amalga oshirilishida Jahon banki o‘z tajribasi bilan ko‘maklashishga tayyor ekanligi qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo turizm halqasi” loyihasining ahamiyati bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashildi.
Uchrashuvda turizm infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. So‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishga davlat investitsiyalari izchil oshib borayotgani, bu esa yangi turistik maskanlarni tashkil etish, xizmatlar turini kengaytirish va mahalliy aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, Jahon banki bilan hamkorlikda hududlardagi turizm direksiyalarining departamentlari salohiyatini oshirish, loyihalarni boshqarish, moliyaviy barqarorlik va xalqaro tajribalarni joriy etish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv dasturlarini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar turistlar uchun qulay navigatsiya tizimini shakllantirish maqsadida respublika bo‘ylab asosiy avtomobil yo‘llarida 700 ta turistik yo‘l ko‘rsatkichlari va yo‘naltiruvchi belgilarni o‘rnatish, shuningdek, zamonaviy servis hududlari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini barpo etish loyihalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar turizmni iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududlarni kompleks rivojlantirishning muhim drayveri sifatida qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, infratuzilmani moliyalashtirish, institutsional salohiyatni mustahkamlash va tajriba almashish sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.