Zarafshonda bir kunda to‘rt juft egizak tug‘ildi
Zarafshonda bir kunda to‘rt juft egizak tug‘ildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida shahar tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limida bir kun ichida to‘rt juft egizak tug‘ildi.
Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi. Maʼlum qilinishicha, noyob holat bir tibbiyot muassasasida kuzatilgan bo‘lib, u yerga yetkazilgan to‘rt nafar ayol keyinchalik egizak farzandli bo‘lgan.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, Kamola Sadinova ikki nafar o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan.
Maftuna Toirova bir o‘g‘il va bir qiz farzandli bo‘lgan.
Mehriniso Nasriddinova ham bir o‘g‘il va bir qiz farzandni dunyoga keltirgan.
Shahlo Ravshanova esa bir o‘g‘il va bir qiz farzandli bo‘lgan.
Qayd etilishicha, barcha tug‘ruqlar tajribali akusher-ginekologlar, neonatologlar va reanimatologlar ishtirokida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.
Hozirda onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar tibbiyot mutaxassislari nazorati ostida bo‘lib, ularning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda 4 363 ta egizak tug‘ilish holati qayd etilgan.
Shulardan 4 231 tasi egiz tug‘ruqlarni tashkil etgan bo‘lsa, 132 ta holat uch egizak va undan ko‘p homilali tug‘ilishlarga to‘g‘ri kelgan.