Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 22-noyabr kuni Xitoy eksport-import banki vitse-prezidenti Yan Dunnin boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Xitoy eksport-import banki Xalqaro departamenti boshqaruvchisi Yuy Ven, bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xan Siyaopin, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari Axadbek Xaydarov va Jasur Karshibayev va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida tomonlar Xitoy eksport-import bankining O‘zbekistonda Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bilan aloqalar olib borish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni qamrab oluvchi mintaqaviy vakolatxonasining ochilishi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishda katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Muloqot davomida tomonlar iqtisodiyot sohalarida yangi loyihalarni shakllantirish, xususan, yashil loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, jumladan, sohaga zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni jalb qilish va sug‘orish kanallarini rekonstruksiya qilish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hamda kelajakda oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishishda tizimli faoliyat yuritish va samaradorlikni oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash hamda hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirishga kelishib oldilar.