Raqobat qo‘mitasi “Umra” turoperatorlari reklamalarida qonunbuzilish holatlarini aniqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ommaviy axborot vositalari hamda internetda joylashtirilgan reklama materiallarini "Reklama to‘g‘risida"gi Qonun talablariga muvofiqligini o‘rganish va tahlil qilish ishlarini olib bormoqda.
Tekshiruv obyekti sifatida “Umra” ziyoratini tashkil etuvchi turoperatorlar tomonidan tarqatilgan reklama materiallari ham ko‘rib chiqildi.
Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida Mirabelle Travel, Ketdik Tour, Ayattour va Tavakkalna Travel MCHJlar tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan reklama joylashtirgani aniqlandi. Bu holat "Reklama to‘g‘risida"gi Qonunni buzish deb baholanib, belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, mazkur kompaniyalarga moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan Jat Travel Instagram sahifasi hamda Farg‘ona Umra, Saudiyaga Sayohat, Aziz Turizm, Sardor Turizm Telegram kanallari orqali xizmatlarini reklama qilgan 5ta subyektga nisbatan ham shunga o‘xshash qoidabuzarliklar aniqlandi. Natijada, ushbu tashkilotlarning masʼul shaxslari maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Litsenziyasiz reklama tarqatayotgan 12 dan ortiq internet manbalari bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumotlar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Kiberxavfsizlik markaziga yuborildi.
Tekshiruvlar yakunlari bo‘yicha amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.