Valyuta kurslari 29/04/2025
$1 – 12948.10
UZS – -0,07%
€1 – 14696.09
UZS – -0,04%
₽1 – 156.93
UZS – 0,24%
Qidirish
Iqtisod 29/04/2025 Toshkentda O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi

Toshkentda O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 28 aprel kuni “INNOPROM. Markaziy Osiyo” beshinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston-Rossiya va Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining o‘ninchi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston–Rossiya ishbilarmonlar kengashi ikki mamlakat biznes doiralari orasida o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, hamkorlik yo‘lida yuzaga keladigan masalalarga yechim topish maqsadida 2005 yilda O‘zbekiston va Rossiya Savdo-sanoat palatalari negizida tashkil etilgan.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari D.Rasulov, Rossiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi ijrochi direktori F.Degtyarev, Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari D.Volvach, Rossiya Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti E.Dibova, shuningdek, tarmoq birlashmalari rahbarlari va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Delegatsiyalar rahbarlari o‘z chiqishlarida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajada ekanini, qo‘shma sarmoyaviy loyihalar soni izchil oshib borayotganini hamda uzoq muddatli savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilganini alohida taʼkidladilar.

Taʼkidlash joizki, Rossiya O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 11,6 milliard dollardan oshdi.

Yig‘ilishda Kengashning o‘tgan yildagi faoliyati yakunlari ko‘rib chiqildi, shuningdek, kelgusi vazifalar, tashqi savdo hamkorligining istiqbollari hamda ikki mamlakat korxonalari va tashkilotlari o‘rtasidagi tarmoqlararo hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Shuningdek, yig‘ilishda elektron tijorat, axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik imkoniyatlari, mehnat taqsimoti va tarmoqlararo kooperatsiyani kuchaytirish masalalari ham keng muhokama qilindi. IT-texnologiyalarni joriy etish va raqamli integratsiya ikki mamlakatning biznes muhiti va savdo tizimlarining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Ishtirokchilar hududlararo hamkorlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdilar. Mintaqaviy darajadagi sheriklik biznes tashabbuslarini tezkor qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalarini joylarda samarali amalga oshirishga asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha “Partnyorskaya auditorsko-konsaltingovaya set RUKON” assotsiatsiyasi va “Prima Audit” auditorlik tashkiloti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling