Toshkent viloyati Italiyada qishloq xo'jaligi loyihalari va investitsiyalarini muhokama qildi
Toshkent viloyati Italiyada qishloq xo'jaligi loyihalari va investitsiyalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Italiya Respublikasida xizmat safari bilan bo‘lib turgan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi bugun Italiya chorvadorlari milliy uyushmasi — Associazione Italiana Allevatori (AIA) rahbariyati hamda chorvachilik sohasida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar vakillari bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida chorvachilik tarmog‘ini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, yuqori mahsuldor naslchilikni yo‘lga qo‘yish, genetik seleksiya, veterinariya xizmatlari va fermer xo‘jaliklarini texnologik qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Italiya chorvadorlari milliy uyushmasi (AIA) 1944 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda mamlakatning chorvachilik sohasidagi yetakchi tarmoq tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Uyushma qoramolchilik, qo‘ychilik, echkichilik va boshqa yo‘nalishlarda naslchilikni takomillashtirish, mahsuldorlikni oshirish, genetik tadqiqotlar va fermerlarni konsalting asosida qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.
Muzokaralarda Toshkent viloyatida sutchilik va go‘shtchilik yo‘nalishida zamonaviy klasterlarni tashkil etish, yuqori mahsuldor naslli chorva mollarini ko‘paytirish, sunʼiy urug‘lantirish va genetika texnologiyalarini joriy qilish, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash hamda eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, fermer va mutaxassislar uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, ozuqa bazasini takomillashtirish, veterinariya boshqaruvini kuchaytirish va sohada xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi Toshkent viloyatida chorvachilik sohasini innovatsion va ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan iborat ekani taʼkidlandi.
Tomonlar kelgusida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.