Farg‘ona viloyati Fly Sky Technology bilan loyihalarni muhokama qildi
Farg‘ona viloyati Fly Sky Technology bilan loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “Fly Sky Technology” kompaniyasi direktori Chjou Szunkouni qabul qildi.
Uchrashuvda quyosh panellarini tozalashga mo‘ljallangan intellektual robotlar hamda dasturiy taʼminot tizimlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida foydalanish uchun zamonaviy uchuvchisiz uchish qurilmalari — dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyiha takliflari haqida ham maʼlumot berildi.
Ayni paytda mazkur yo‘nalishlardagi mahsulot va texnologiyalarga talab yuqori ekani qayd etildi.
Ushbu zamonaviy loyihalar doirasida malakali mutaxassislar tayyorlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va yoshlarni yuqori texnologiyali sohalarga jalb etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Loyihalar hududda yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, energiya samaradorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligida zamonaviy raqamli yechimlarni keng qo‘llashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Muloqotda taklif qilinayotgan loyihalar haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi va kelgusidagi hamkorlik masalalari kelishib olindi.