Prezidentimiz istiqbolli tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi

Prezidentimiz istiqbolli tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi

Prezidentimiz istiqbolli tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumi doirasida saralab olingan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim jihati – aholining, ayniqsa, yoshlar va tashabbuskor fuqarolarning ilgʻor gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, ularni amaliy loyihalarga aylantirish uchun ochiq va samarali mexanizmlar yaratishdir.

Shu maqsadda Prezidentimizning 2025-yil 14-iyuldagi “Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Uning asosiy maqsadi keng jamoatchilik tomonidan ilgari surilayotgan dolzarb takliflarni saralash, qoʻllab-quvvatlash va hayotga tatbiq etishdan iborat.

Forum doirasida kelajakuchun.gov.uz kraudplatformasi ishga tushirildi. Bu orqali aholi oʻz tashabbuslarini ochiq tarzda taqdim etishi, ularni muhokama qilish va ekspert baholashidan oʻtkazish imkoniyati yaratildi.

Joriy yilgi forum uchun tashkiliy qoʻmita tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni taʼminlash, ekologiya, suv taʼminoti va “yashil” energetika qamrovini kengaytirish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish, tibbiyot va taʼlim sifatini oshirish, sud-huquq tizimini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlar etib belgilandi.

Forum eʼlon qilingach, aholidan 1 ming 300 dan ortiq taklif va tashabbus kelib tushdi. Dastlab ular Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan koʻrib chiqilib, belgilangan ustuvor yoʻnalishlar kesimida umumlashtirildi.

Shundan soʻng tashabbuslar Mentorlar kengashi aʼzolari va sohaviy ekspertlar ishtirokida tahlil qilinib, amaliy ahamiyati, joriy etish imkoniyati, ijtimoiy-iqtisodiy samarasi va kengaytirish istiqbollari nuqtayi nazaridan baholandi. Ushbu jarayon yakunlari boʻyicha eng dolzarb loyihalar “TOP-50” va “TOP-10” roʻyxatlariga saralab olindi.

Forumning birinchi kunida “TOP-10” tashabbus mualliflarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Gʻoliblarga sertifikatlar va pul mukofotlari topshirildi.

Davlatimiz rahbariga taqdim etilgan loyihalar orasida yoʻl qurilishida plastik chiqindilardan foydalanish, innovatsion havo tozalash uskunasini ishlab chiqish, chekka hududlarni koʻchma qurilma vositasida energiya bilan taʼminlash, piyodalar yoʻlakchasida avtomatlashtirilgan ogohlantirish tizimini joriy qilish, milliy muhandislik platformasini yaratish kabi tashabbuslar bor.

Taqdimotda ushbu gʻoyalarning har biri muayyan ijtimoiy yoki iqtisodiy muammoni hal etishga qaratilgani taʼkidlandi.

Loyihalar tegishli yoʻnalishlar boʻyicha Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Adliya vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va boshqa masʼul tashkilotlarga biriktiriladi.

Ularni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, har bir tashabbusning ijrosi tizimli ravishda kuzatib boriladi. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va ularning bajarilishini doimiy monitoring qilishda ishtirok etadi.

Davlatimiz rahbari tashabbuslarning amaliy natijasiga alohida eʼtibor qaratish, mualliflar bilan birga ishlab, har bir loyihani hayotiy, iqtisodiy samara beradigan va odamlarga foyda keltiradigan yechimga aylantirish muhimligini taʼkidladi.

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling