Navoiyda sel oqimlari oqibatlari bartaraf etilmoqda
Navoiyda sel oqimlari oqibatlari bartaraf etilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Navoiy viloyatida kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida yuzaga kelgan sel oqimlari oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, ayrim hududlarda tabiiy ofat sel oqimlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Qator mahallalarda evakuatsiya tadbirlari tashkil etilgan bo‘lib, maxsus texnika jalb qilingan holda avariya-tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, oqibatlarni bartaraf etish ishlari Qoracha, Quchchi, Langar, Angidon, Oltinsoy va Maydon mahallalarida olib borilmoqda. Ushbu hududlarda yo‘llar va zarar ko‘rgan uchastkalarni tozalash, shuningdek infratuzilmani tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, Xatirchi qurilish kasb-hunar texnikumi hududi va Oltinsoy mahallasida ishlar davom etmoqda. Xatirchi tumanidagi Mustaqillik mahallasida esa mutasaddi xizmatlar sel o‘zanini mustahkamlash va tozalash bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rmoqda.
Oqibatlarni bartaraf etish ishlariga tuman favqulodda vaziyatlar bo‘linmalari xodimlari, avtomobil yo‘llaridan foydalanish korxonalari hamda mahalliy hokimiyat organlari jalb qilingan. Ishlarda 37 ta maxsus texnika va 173 nafar shaxsiy tarkib ishtirok etmoqda.
Sel oqimlari oqibatlarini bartaraf etish tadbirlari uzluksiz tarzda davom etayotgani maʼlum qilindi.