O'zbekiston Afg'oniston bilan to'qimachilik sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
O'zbekiston Afg'oniston bilan to'qimachilik sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 18–21-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi, "O`zto`qimachiliksanoat" uyushmasi hamda yetakchi soha korxonalari vakillaridan iborat delegatsiyaning Afg‘onistonga tashrifi amalga oshirildi.
Tashrif davomida Balx va Qunduz viloyatlarida qator rasmiy uchrashuvlar hamda sanoat yo‘nalishidagi muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralarda to‘qimachilik sanoati, paxtani chuqur qayta ishlash, ip-kalava, gazlama va tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Balx viloyati Savdo-sanoat palatasi raisi Ibrohim Gazanfari, viloyat hokimi o‘rinbosari Nurilhodiy Abu Idris hamda “Balkh Textile Factory” va “Durakhshon Group” korxonalari rahbariyati bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Muzokaralar davomida: paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash, zamonaviy tekstil korxonalari va paxta-tozalash zavodlarini tashkil etish, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur hamkorlik loyihalari nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmlarini oshirish va to‘qimachilik sanoatining xalqaro integratsiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.