Oʻzbekistonlik biznes delegatsiyasi Afgʻonistonga yetib keldi
Oʻzbekistonlik biznes delegatsiyasi Afgʻonistonga yetib keldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov boshchiligidagi 100 ga yaqin o‘zbekistonlik tadbirkorlar delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya vakillari Termiz chegara bojxona posti orqali Afg‘oniston hududiga yetib keldi. Mehmonlarni Balx viloyati rahbariyati hamda Afg‘oniston Savdo-sanoat palatasi vakillari kutib oldi.
Dastlab delegatsiya Afg‘oniston hududida, O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasi yaqinida joylashgan “Astras” kompaniyasiga tegishli logistika markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida markaz faoliyati, yuklarni qabul qilish, saqlash hamda eksport-import operatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Shundan so‘ng delegatsiya aʼzolari Noibobod temir yo‘l stansiyasiga tashrif buyurib, eksport-import jarayonlarida temir yo‘l orqali yuk tashish xizmatlari, logistika mexanizmlari va mavjud infratuzilma imkoniyatlari haqida maʼlumot oldi.
Tashrif dasturining navbatdagi qismida delegatsiya Mozori-Sharif shahriga yetib kelib, shahardagi “Mozori Hotel” savdo markaziga tashrif buyurdi. U yerda hududdagi savdo infratuzilmasi, tadbirkorlik muhiti va biznes yuritish imkoniyatlari bilan tanishildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Afg‘onistondagi tashrifi davom etmoqda. Tashrif doirasida qator uchrashuv va muzokaralar, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.