Oʻzbekistonda Amudaryoning quyi oqimida suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish konsepsiyasi imzolandi
Oʻzbekistonda Amudaryoning quyi oqimida suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish konsepsiyasi imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2-iyun kuni "Eco Expo Central Asia 2026" xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash, yer va suv resurslarini barqaror boshqarish, biologik xilma-xillikni asrash hamda mintaqaning iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan “Barqarorlik orollari: Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizi havzasida ekotizim xizmatlarini asrash” mavzusidagi sayd-ivent bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Global ekologik fond (GEF) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Aral Sea Wetlands Project” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Karman, Suv xo’jaligini obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktorining birinchi o’rinbosari Ilhom Jo’rayev, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov hamda FAOning O‘zbekistondagi vakili Sherzod Umarov ishtirok etdi.
Sessiya davomida ishtirokchilar Orolbo‘yi mintaqasining ekologik inqirozdan barqaror ekotizimlarni shakllantirish bosqichiga o‘tishi, iqlim bosimi kuchayib borayotgan sharoitda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, iqlimga moslashgan qishloq xo‘jaligini joriy etish hamda yer degradatsiyasi bo‘yicha neytral muvozanatga erishish yondashuvlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, bioxilma-xillikni saqlash, ekotizim xizmatlarining barqarorligini ta’minlash va mahalliy aholi uchun daromad manbalarini yaratishda suv-botqoq hududlari hamda qirg‘oqbo‘yi ekotizimlarining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Texnik sessiya doirasida "Aral Sea Wetlands Project" loyihasining xalqaro texnik maslahatchisi Joshua Brann Amudaryoning quyi oqimida ekotizim xizmatlari va barqaror turmush manbalarining ahamiyati haqida ma’ruza qildi. BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi (UNCCD) kotibiyati bosh ilmiy xodimi doktor German Kust yer degradatsiyasi neytral muvozanati vositalari va yer resurslaridan barqaror foydalanishni rejalashtirish yondashuvlari haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, ekspert Vasiliy Lobkovskiy mahalliy darajada yer resurslaridan foydalanishni integratsiyalashgan tarzda rejalashtirishning amaliy mexanizmlarini taqdim etdi.
Ochiq muloqot davomida Orol dengizi mintaqasida hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yechimlarni joriy etish va ekotizimlarni tiklash bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribalarni keng ko‘lamda tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi.
Muhokamalarda landshaftlarni integratsiyalashgan boshqarish, suv resurslarini asrash, iqlim o‘zgarishiga moslashish, shuningdek, davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy hamjamiyat va ekologik tashabbuslar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida Quyi Amudaryo havzasi uchun suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish rejasi konsepsiyasi imzolandi.
Mazkur hujjat suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish tizimini takomillashtirish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash hamda Orolbo‘yi mintaqasida ortib borayotgan iqlim bosimi sharoitida tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.