Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlar bojxona hamkorligini kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlar bojxona hamkorligini kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlar bojxona hamkorligini kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya Qoʻshma Shtatlarga ishchi tashrif bilan boʻlib, u yerda xalqaro bojxona hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan bir qator muzokaralar oʻtkazmoqda.

Tashrif doirasida AQSH Davlat departamenti, Xalqaro narkotiklar va huquqni muhofaza qilish masalalari burosi (INL), Eksport nazorati va chegara xavfsizligi (EXBS) dasturi hamda AQSH Energetika vazirligi Milliy yadroviy xavfsizlik ma’muriyati rahbariyati bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlarda xavflarni tahlil qilish, narkotik va kontrabandaga qarshi kurashish, radiatsiya xavfsizligini ta’minlash, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarni aniqlash, tezkor ma’lumot almashinuvini kuchaytirish hamda bojxona postlarini zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlash masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, o‘zaro hamkorlik doirasida so‘nggi yillarda yuzlab bojxona xodimlarining malakasi oshirilib, chegara postlariga zamonaviy inspeksion-ko‘rik va radiatsiya nazorati uskunalari o‘rnatildi. Bu esa giyohvandlik vositalari va xavfli yuklarni aniqlash samaradorligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilmoqda.

Muzokaralar yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling