“Oʻzbekiston gastronomik xaritasi” oshpazlik ekspeditsiyasi xorijiy mutaxassislarni mamlakat hududlari oshxonasi bilan tanishtirdi

“Oʻzbekiston gastronomik xaritasi” oshpazlik ekspeditsiyasi xorijiy mutaxassislarni mamlakat hududlari oshxonasi bilan tanishtirdi

“Oʻzbekiston gastronomik xaritasi” oshpazlik ekspeditsiyasi xorijiy mutaxassislarni mamlakat hududlari oshxonasi bilan tanishtirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 18–25-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va Milliy PR-markazi ko‘magida mamlakatimizda “O‘zbekiston gastronomik xaritasi” nomli xalqaro gastronomik ekspeditsiya bo‘lib o‘tdi. Loyiha Sibir federal universiteti Gastronomiya instituti (SFU, Rossiya) hamda AB Group restoran xoldingi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston hududlarining turizm salohiyatini targ‘ib qilish, milliy taomlarni xalqaro miqyosda ommalashtirish va gastronomik turizmni sohaning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida rivojlantirishga qaratilgan. 

Ekspeditsiya doirasida tadqiqotchilar, gastronomiya ekspertlari va OAV vakillaridan iborat delegatsiya Toshkent, Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Rishton, Chust va Namangan shaharlariga tashrif buyurib, hududlarning gastronomik an’analari, mahalliy mahsulotlari hamda oilaviy retseptlari bilan tanishdi. 

Diqqat markazida — oshxonasi orqali namoyon bo‘layotgan haqiqiy O‘zbekiston. Ekspeditsiya davomida ekspertlar lag‘mon, palovning 7 turi, somsaning 10 dan ortiq turi, mastava, mashkichiri va boshqa taomlarni o‘rganib, o‘zlari ham tayyorlab ko‘rishdi.

Alohida e’tibor Farg‘ona vodiysi, mahalliy bozorlar va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’analarga qaratildi.

Loyiha yakunlari bo‘yicha foto va videomateriallar, hujjatli reportajlar, intervyular hamda tahliliy tadqiqotlar tayyorlandi. Ular kelgusida Rossiya bozorida o‘zbek milliy taomlari va O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilishda foydalaniladi.

Bugungi kunda gastronomik turizm mamlakatning xalqaro jozibadorligini oshiruvchi muhim omillardan biriga aylanmoqda. Shu kabi loyihalarning amalga oshirilishi O‘zbekistonni sayyohlar nafaqat tarixiy va madaniy meros, balki xalqimizning turmush tarzi va an’analarining ajralmas qismi bo‘lgan boy milliy oshxona bilan ham tanishishi mumkin bo‘lgan yo‘nalish sifatida targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling