YeTTB SQBga 25 million AQSh dollarigacha kredit ajratadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) tomonidan mamlakatning ikkinchi yirik moliya instituti SQBga ajratilgan 25 million AQSh dollari (21,9 million yevro) miqdoridagi kredit evaziga O’zbekistondagi yosh tadbirkorlar rahbarlik qilayotgan yoki ularga tegishli bo‘lgan mikro, kichik va o‘rta korxonalar (MKO’K) o‘sish uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Ushbu kredit YTTBning Markaziy Osiyodagi “Biznesda yoshlar” dasturi doirasida 35 yoshgacha boʻlgan jismoniy shaxslar rahbarligidagi yoki ularga tegishli boʻlgan kichik va oʻrta korxonalarni kreditlash uchun ajratilmoqda.
SQB ushbu mablag'larni yosh tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashga yo'naltirgani holda o'zining moliyaviy mahsulotlari ko'lamini kengaytiradi. Yosh tadbirkorlar Markaziy Osiyo aholisining 27 foizini tashkil qiladi va ular aholisi eng gavjum bo’lgan O’zbekiston uchun alohida ahamiyatga egadir.
Dastur doirasida kredit olgan tadbirkorlar YTTBning Kichik biznes uchun maslahat-Advice for Small Businesses dasturi orqali taklif qilinadigan treninglar, maslahat xizmatlari va tarmoq imkoniyatlaridan ham bahramand bo'lishadi.
Yaqinda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan Markaziy Osiyoda oʻtkazilgan bozor tadqiqoti shuni koʻrsatdiki, mintaqadagi koʻplab yoshlar kuchli tadbirkorlik tafakkuriga ega boʻlsa-da, ularning juda kam qismi katta yoshdagi odamlar kabi iqtisodiy imkoniyatlarga ega. Darhaqiqat, ularning atigi 10 foizigina zarur tayyorgarlik va kasbiy tajribaga ega.
YTTB bugungi kunga qadar O‘zbekistonda 174 ta loyihaga qariyb 5,6 milliard yevro sarmoya kiritgan boʻlib, mablag‘larning asosiy qismi xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan. Mamlakat so‘nggi besh yildan beri Markaziy Osiyoda YTTB sarmoyalarining yetakchi oluvchisi bo‘lib kelmoqda.