YeI transport loyihalarini amalga oshirishda texnik yordam ko‘rsatadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi tomonidan Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda "Expertise France" taraqqiyot agentligi vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda "Yumshoq bog‘liqlik" dasturining birinchi komponenti uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.
Yevropa delegatsiyasi uchrashuv davomida Markaziy Osiyo uchun YEIning mintaqaviy transport dasturi ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Mazkur dastur doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlariga "Global Gateway" loyihasi mablag‘lari hisobidan transport loyihalarini amalga oshirishda texnik yordam ko‘rsatiladi.
Transport vazirligi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, qonunchilik bazasini muvofiqlashtirishni va yuklarning chegaralararo harakatini soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni taqdim etdi.
Uchrashuv yakunida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi loyihalarni va texnik ko‘makning mumkin bo‘lgan shakllarini batafsil muhokama qilish maqsadida xususiy sektor vakillari ishtirokida davra suhbatini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.