Valyuta kurslari 27/12/2024
$1 – 12920.48
UZS – -0,06%
€1 – 13436.01
UZS – -0,19%
₽1 – 130.17
UZS – 0,39%
Qidirish
Iqtisod 30/10/2024 Yangidan qurilgan avtomagistral foydalanishga topshirildi

Yangidan qurilgan avtomagistral foydalanishga topshirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 25-oktabr kuni Qo‘ng‘irot – Beyneu avtomobil yo‘lining yangidan qurilgan 240 kilometr qismi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Bu yo‘l mamlakatimizni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan strategik avtomagistraldir. Lekin uzoq yillik qatnovlar, Orolbo‘yining keskin kontinental iqlimi tufayli yaroqsiz ahvolga kelib qolgandi. Shu bois 2021-2024-yillarda 323 million dollarlik loyiha evaziga zamonaviy qilib qayta qurildi.

Davlatimiz rahbari marosimda ushbu yo‘lning ahamiyatini alohida qayd etdi.

– Endi mamlakatimiz hududlaridan xalqaro tashuvlar masofasi 1 ming kilometrgacha, transport xarajatlari esa 25 foizgacha kamayadi. Bu yo‘l yurtimizni Kaspiy va Qora dengiz portlari orqali Yevropa bozorlari bilan ishonchli bog‘laydigan logistika tarmog‘iga aylanadi. Yana bir muhim jihati – “A-380” xalqaro yo‘lagining O‘zbekistondan o‘tgan qismida kunlik transport qatnovi 3 karra oshadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yo‘l jahon standartlariga har tomonlama mos, tekis va ravon. U avvalo xalqimiz, qolaversa, xorijiy turistlar va yuk tashuvchilarga qulay va xavfsiz harakatlanish imkonini beradi.

Avvalroq “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” xalqaro avtomobil yo‘lining boshqa qismlari ta’mirlangan edi. Shu yil 29-fevral kuni Amudaryo ustida Qoraqalpog‘iston bilan Xorazmni bog‘laydigan yangi ko‘prik ochildi. Bunday ishlar odamlar harakatiga qulaylik yaratib, iqtisodiy faollik oshishiga, tadbirkorlik rivojlanishiga ham qo‘shimcha turtki bo‘ladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi yo‘l atrofida 200 dan ziyod savdo-servis obyekti va sanoat korxonasi paydo bo‘ladi. Shuning hisobidan dastlab 2 mingta, kelgusida esa yana 5 mingta ish o‘rni tashkil qilinadi. Shu tariqa, Qoraqalpog‘istonda tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga 200 million dollarga, mamlakatimiz eksporti esa kamida 300 million dollarga oshishi uchun mustahkam zamin yaratiladi.

Ushbu magistral yo‘l o‘tadigan To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Beruniy, Nukus, Xo‘jayli, Shumanay, Qonliko‘l, Qorao‘zak va Qo‘ng‘irot tumanlaridagi 1 milliondan ziyod aholi hayoti o‘zgaradi.

Prezident mazkur loyihada ishtirok etgan quruvchi va ishchilarga, Osiyo taraqqiyot bankiga, Turkiya, Ozarbayjon va xitoylik pudratchilarga, Janubiy Koreya va italiyalik konsultantlarga minnatdorlik bildirdi.

– Yo‘l va ko‘prik qurib, odamlarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish eng savobli ishlar qatorida turadi. Biz bunyodkor yo‘lsozlarning timsolida ana shunday olijanob, elning duosi va rahmatiga sazovor bo‘lib kelayotgan zahmatkash insonlarni ko‘ramiz. Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladigan bunday ezgu ishlarimiz yanada ko‘paysin, – dedi davlatimiz rahbari.

Mazkur 240 kilometr yo‘lning ikki tomoni – Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumani hamda “Dovud ota” bojxona postida hozir bo‘lganlar teleko‘prik orqali aloqaga chiqdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamnuniyat bilan yo‘lning ochilishiga ruxsat berdi. Ushbu quvonchli voqea bilan barchani muborakbod etdi.

Marosimda davlat idoralari va jamoatchilik vakillari ham ishtirok etdi.

Shu yerda davlatimiz rahbariga muhandislik inshootlarini monitoring qilish tizimi taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, ko‘priklarning muayyan nuqtalariga elektron uzatgichlar o‘rnatiladi. Ular oqali mustahkamlik va xavfsizlik darajasi, hozirgidek belgilangan muddatlarda emas, doimiy nazorat qilib boriladi. Kundalik me’yordan o‘zgarish sezilsa, muammo tezda aniqlanib, vaqtida chora ko‘riladi. Bu ko‘priklarning uzoq vaqt yaxshi saqlanishini ta’minlaydi.

Shuningdek, bu tizim natijasida mablag‘ tejaladi. 20 ga yaqin qog‘oz shakldagi hisobotlar raqamlashtiriladi. Monitoring ma’lumotlari 30 yilgacha saqlanadi.

Shunday birinchi loyiha Toshkent xalqaro aeroportiga eltuvchi, Bobur ko‘chasidagi yangi yo‘l o‘tkazgichda qo‘llandi. Marosimda ushbu transport bog‘lamasi ham to‘liq ochildi. Uning umumiy uzunligi 702 metr, eni 46 metr. Shuningdek, 2 ta aylana va 4 ta yoysimon “qanot”lar barpo etilib, Kichik halqa yo‘li hamda Sodiq Tolipov ko‘chalari bilan samarali bog‘langan. Bu qayrilib olish xavfini yo‘qotib, avtomobillar harakatiga qo‘shilishni osonlashtirdi. Umuman, ushbu transport bog‘lamasi 1 soat ichida 5 mingta, bir kecha-kunduzda 132 mingta avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ldi.

Prezident bu tizimni avval poytaxtimizdagi 114 ta ko‘prikda va keyinchalik barcha ko‘priklarda tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.

Aytish joizki, mamlakatimizda keyingi sakkiz yilda 2 ming kilometr yo‘l qaytadan qurilgan, 100 ming kilometri ta’mirlangan. Eng muhimi, bunda sifat o‘zgarmoqda, yangi turdagi polimer-beton, sement-beton qoplamalar keng qo‘llanilmoqda. Natijada yo‘llardan foydalanish muddati 1,5 barobargacha uzaymoqda.

Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda kelgusi yil yana ming kilometr yo‘l qurish bo‘yicha 10 ta yirik loyiha rejalashtirilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling