Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeks hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish
va qo‘shimchalar kiritilmoqda:
— jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi;
— gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ta’minlanishi;
— aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi;
— gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi;
— hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi;
— agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi;
— shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishini, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarning Yangi O‘zbekiston g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarilishini, fuqarolarning sud orqali himoya qilinish huquqi kafolatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.