Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston, 11-noyabr 2024-yil. Yandex Uzbekistan Yandex Maps navigatsiya ilovasiga Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xivadagi diqqatga sazovor joylarning uch o‘lchamli rangli modellarini qo‘shdi. Binolar va yodgorliklarning hajmli rangli maketlari aholiga xarita bo‘ylab yaxshiroq mo‘ljal olishga yordam beradi, turistlarga esa mashhur joylar bilan tanishish va ularni turli rakurslardan tomosha qilish imkonini beradi.
Masalan, Toshkentda Hazrati Imom majmuasi, Ko‘kaldosh madrasasi va Chorsu bozorini ko‘rish mumkin, Buxoroda — Poyi Kalon ansambli va Labi Hovuz, Samarqandda — Registon maydoni va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Xivada esa Kalta Minor me’moriy yodgorligini tomosha qilish mumkin.
Barcha modellarda arxitektura, yozuvlar, ranglar, soyalar xususiyatlari ko‘rinadi, tekstura ajralib turadi. Agar tungi rejimni yoqsangiz, real shaharda oqshom tushishi bilan chiroqlar paydo bo‘ladi. Safarni rejalashtirishda barcha diqqatga sazovor joylarni virtual sayr qilish, suratga olish uchun rakurslar va sayohat uchun yo‘nalishlarni o‘rganib chiqish mumkin.
«Biz real hayotdagi obyektlarni aniq ko‘rsatadigan, aholiga ham, mamlakat mehmonlariga ham foyda keltiradigan, tushunishga oson xaritalar yaratishga harakat qilamiz. Biz O‘zbekistonning mashhur joylarining 27 ta uch o‘lchamli modelini yaratdik va buning uchun 350 soatdan ko‘p vaqt sarfladik. Endi Yandex Maps foydalanuvchilari kerakli hududda yaxshiroq mo‘ljal olishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ular diqqatga sazovor joylarni barcha rakurslarda o‘rganib chiqishi mumki»”, — dedi Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov.
«Faol raqamlashtirish davrida mamlakatimiz madaniy merosini ommalashtirishga qaratilgan texnologik loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, biz Yandex Uzbekistan tashabbusini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonning tarixiy yodgorliklari va binolarini Xaritalarda uch o‘lchovli obyektlar ko‘rinishida ko‘rish imkoniyati ayniqsa foydali bo‘ladi. Bu mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga yangi turtki beradi», — Aziz Abduhakimov, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri; Oʻzbekiston Respublikasining turizm va madaniy meros boʻyicha sobiq vaziri.
Ilovada 3D modellarni ko‘rish uchun qidiruv paneliga joy nomini yozish yoki xaritada obyektni topishi va uni kattalashtirishi mumkin. Tepadan emas yondan uch o‘lchamli modelini ko‘rish uchun esa, ekran bo‘ylab ikki barmoqda parallel harakat qilish kerak bo‘ladi.
Yandex Maps ilovasini Google Play yoki AppStore orqali yuklab olish mumkin.
Yandex Uzbekistan O‘zbekistonda insonlar hayotini yaxshilash va raqamli muhitni rivojlantirish uchun yangi texnologiyalar ishlab chiqadi va tatbiq qiladi. Kompaniya mamlakatda 2018-yildan buyon faoliyat olib boradi, aholiga onlayn taksi buyurtmasi, taom yetkazib berish, bulut va geoxizmatlar, ko‘ngil ochish xizmatlari va ta’lim loyihalarini taklif qilmoqda.
Yandex Maps — shahar bo‘ylab piyoda yurish yoki istalgan transport vositasida, masalan, avtomobil yoki avtobusda marshrutlar tuzishga yordam beradigan ilova. Bundan tashqari, kerakli joylarni topish va boshqa kunlik vazifalarni hal qilish mumkin.