Valyuta kurslari 18/08/2025
$1 – 12547.38
UZS – -0,27%
€1 – 14665.38
UZS – -0,22%
₽1 – 157.02
UZS – -0,46%
Qidirish
O‘zbekiston 13/08/2025 Xotin-qizlar ijtimoiy muhofazasi yanada kuchaytiriladi

Xotin-qizlar ijtimoiy muhofazasi yanada kuchaytiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat —“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Ushbu qonun loyihasi bilan amaldagi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida mahalliy mehnat organlariga ro‘yxati taqdim etilgan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarni ishga joylashtirishga doir yo‘llanma bo‘yicha davlat tashkilotlariga ishga joylashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, mahalliy mehnat organlariga ro‘yxati taqdim etilgan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlar murojaat qilmasa ham ular ish qidirayotgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olinishi belgilanmoqda.

Majlisda mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasining shu yil 29 iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ko‘rib chiqilib, bir qator savollar o‘rtaga tashlangani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olinib, undagi ayrim normalar yanada aniqlashtirilgani va tahririy tuzatishlar kiritilgani ta’kidlandi.

Xususan, qonun loyihasida nazarda tutilgan normalarning turlicha talqin qilinishining oldini olish maqsadida yo‘llanma “davlat tashkilotiga hamda davlat ulushi ellik foiz va undan yuqori bo‘lgan tashkilotlarga ishga joylashtirish uchun berilishini nazarda tutuvchi tahririy o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, ish beruvchilar ishga qabul qilishni rad etgan hollarda ularni javobgarlikka tortish masalasi qonun loyihasidan chiqarilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash orqali ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling