Xizmat vaqtida halok bo‘lgan profilaktika inspektori “Jasorat” medali bilan taqdirlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi mutasaddilar o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan vaqtda halok bo‘lgan, Xo‘jaobod tumani “Yuksalish” mahallasi hudud profilaktika inspektori katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev oilasi bilan uchrashdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat rahbari marhumning onasiga hamdardligini bildirib, uning jamiyatda amalga oshirilayotgan islohotlarga qo‘shgan ulkan hissasini eʼtirof etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan Abdurasul Abduvaliyevga vafotidan so‘ng berilgan “Jasorat” medali oila aʼzolariga topshirildi.
Uchrashuv davomida qahramonning yuksak fazilatlari, xizmat davridagi shijoati va mardligi yodga olindi.
Vatan tinchligi yo‘lida qilgan xizmatlari hech qachon unutilmasligi, doim eʼtibor va eʼzozda bo‘lishi taʼkidlandi.